O'zbekiston ta'lim muassasalarida ta'lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohatlarda faol ishtirokini ta'minlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida

Keyingi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlariga hamda xalqaro standartlar talablariga mos keladigan oliy ta’lim tizimini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Hududlarda yangi oliy ta’lim muassasalarining tashkil etilishi, kadrlar tayyorlashning zamonaviy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari hamda sirtqi va kechki bo‘limlarning ochilishi, oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalarining oshirilishi mazkur yo‘nalishdagi muhim islohotlar hisoblanadi.

Shu bilan birga oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirishga, respublikada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi yangilanishlarda ushbu muassasalarning faol ishtirokini ta’minlashga to‘siq bo‘layotgan bir qator muammolar saqlanib qolmoqda, xususan:

birinchidan, oliy ta’lim tizimida o‘qitishni tashkil etish jarayoni, ta’lim olayotgan talabalar bilimini baholash tizimi bugungi kun talablariga javob bermayapti;

ikkinchidan, professor-o‘qituvchilarning faoliyatini, bilimini va pedagogik ko‘nikmasini baholashning zamonaviy tizimi mavjud emasligi ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda;

uchinchidan, oliy ta’lim muassasalariga kirish test savollari abiturientning mantiqiy fikrlash qobiliyatini aniqlash imkonini bermayotganligi iqtidorli yoshlarni oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishda muammolar keltirib chiqarmoqda;

to‘rtinchidan, oliy ta’lim muassasalaridagi ta’lim jarayoni ustidan samarali jamoatchilik nazoratining o‘rnatilmaganligi ushbu sohada ko‘plab muammolarning, eng avvalo, korrupsiya holatlarining saqlanib qolishiga sabab bo‘lmoqda;

beshinchidan, oliy ta’lim muassasalarining mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli va tizimli o‘zgarishlardagi ishtiroki hamda tashabbuskorligi sezilmayapti, ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyati hanuzgacha qoniqarsiz bo‘lib qolmoqda;

oltinchidan, respublikamizda olib borilayotgan tub islohotlarning mazmuni va mohiyatini ommaviy axborot vositalari orqali xalqimizga, keng jamoatchilikka tushuntirishda oliy ta’lim muassasalarining faol ishtiroki yo‘lga qo‘yilmagan;

ettinchidan, oliy ta’lim muassasalari innovatsion va texnologik g‘oyalar bilan fikr almashadigan muloqot markazlariga aylanmagan, tegishli sohalarda mavjud muammo va kamchiliklarni tizimli o‘rganish, tahlil qilish va ularning yechimi bo‘yicha taklif kiritish borasida professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar va talabalarning tashabbus ko‘rsatishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmagan.

Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini tubdan takomillashtirish, ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarning 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab:

alohida ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qish muddati kamida uch yil bo‘lgan bakalavriat hamda kamida bir yil bo‘lgan magistraturani joriy etish, bunda magistraturada mutaxassislar tayyorlashni ishlab chiqarish (amaliy) (kamida bir yil) va ilmiy-pedagogik (kamida ikki yil) yo‘nalishlarga ixtisoslashgan dasturlar asosida tashkil etish;

oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul qilish kvotalaridan tashqari xorijiy fuqarolarni suhbat asosida test sinovlarisiz o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarning viza talabnomalariga asosan o‘qishga kirish istagini bildirgan xorijiy fuqarolarning kirish vizalarini o‘rnatilgan tartibda konsullik va boshqa to‘lovlarni undirmagan holda rasmiylashtirsin.

3. 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab tayanch (etakchi) oliy ta’lim muassasalari tomonidan tegishli ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv rejalari va dasturlarini kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojlaridan kelib chiqib, mustaqil ravishda ishlab chiqish hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlash tartibi joriy etilsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

a) ikki oy muddatda Oliy ta’lim muassasalarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholash tizimi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin, bunda asosiy e’tiborni:

baholash tizimi va mezonlarini uzluksiz ta’lim tizimining bosqichlariga muvofiqlashtirishga;

ta’lim yo‘nalishlarining o‘ziga xos jihatlarini inobatga olgan holda talabalar bilimini baholashning zamonaviy, shaffof va adolatli (avtomatlashtirilgan, portfolio, test sinovlari, ijodiy ish, antiplagiat va h.k.) usullarini, shu jumladan, muayyan fandan dars bergan pedagogning yakuniy nazorat jarayonlaridagi ishtirokini istisno etadigan tizimni joriy etishga;

semestr yakuni bo‘yicha akademik qarzdor talabaning qayta topshirishi mumkin bo‘lgan fanlar sonini belgilashga va ularni topshirish muddatini o‘zgartirishga qaratsin;

b) 2018 yil 1 dekabrgacha bo‘lgan muddatda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish yuzasidan tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;

v) 2019 yil 1 martgacha bo‘lgan muddatda 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida “talabaning o‘zlashtirish darajasi – professor-o‘qituvchilar faoliyatini baholashning asosiy mezoni” tamoyilini joriy qilishning aniq mexanizmlarini belgilash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rsin. Bunda ushbu tamoyil talablariga javob bermaydigan professor-o‘qituvchilar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishgacha bo‘lgan choralar ko‘rish belgilansin;

g) 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining vaqtini o‘quv jarayoniga xos bo‘lmagan ishlarga sarflashning oldini olish hamda ularni talabalar bilan ko‘proq ishlashga yo‘naltirish, shu jumladan, “ustoz – shogird” tizimini joriy etish maqsadida o‘quv yuklamalarini hisobga olgan holda professor-o‘qituvchilar “vaqt me’yorlari”ning yangi mexanizmlarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.

5. Oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilarini ularning vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlarga va boshqa tadbirlarga jalb etish taqiqlansin.

Davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari, barcha darajadagi hokimlar mazkur talabni buzganligi uchun egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida qat’iy ogohlantirilsin.

6. Barcha oliy ta’lim muassasalarida samarali jamoatchilik nazoratini joriy etish maqsadida talabalar, ota-onalar, Yoshlar ittifoqining oliy ta’lim muassasalaridagi faollari, kadrlar buyurtmachilari, professor-o‘qituvchilar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat tarkibda jamoatchilik kengashlari tashkil etilsin.

Quyidagilar jamoatchilik kengashlarining asosiy vazifalari etib belgilansin:

ta’lim sifati, professor-o‘qituvchilarning bilimi va pedagogik mahorati, talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar ustidan tizimli ravishda monitoring o‘rnatish;

oliy ta’lim muassasalariga professor-o‘qituvchilar tarkibiga ishga qabul qilinayotgan nomzodlar bo‘yicha tavsiyalar berish;

talabalarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, ularning pedagog kadrlar haqidagi fikrini to‘liq o‘rganish maqsadida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish;

oliy ta’lim muassasasidagi ta’lim jarayonini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash va muassasaning tegishli kengashi muhokamasiga kiritish.

Jamoatchilik kengashi faoliyatini tashkiliy jihatdan ta’minlash Yoshlar ittifoqining oliy ta’lim muassasasidagi yetakchisi tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Oliy ta’lim muassasalari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

7. Belgilansinki, 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab:

oliy ta’lim muassasalariga professor-o‘qituvchilar tarkibiga ishga qabul qilish tegishli kafedraning kengaytirilgan ochiq majlisida pedagog kadrlar va jamoatchilik kengashining a’zolari ishtirokida sinov darsi o‘tkazish natijalari bo‘yicha ushbu majlisning tavsiyasiga ko‘ra amalga oshiriladi;

O‘zbekiston va xorijiy oliy ta’lim muassasalarining o‘zaro kelishuvi hamda qo‘shma ta’lim dasturlari asosida talabalarni o‘qitishni tashkil etish va ikki tomonlama tan olinadigan diplom berish amaliyoti joriy etiladi.

8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat
test markazi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda:

oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlaridagi test savollarini tayyorlash uslublarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida qayta ko‘rib chiqsin hamda ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

ilg‘or xalqaro imtihon tizimlari (TOEFL, IELTS, CEFR, SAT General, SAT Subject va hokazo) sertifikatlariga ega bo‘lgan abiturientlarga tegishli fanlardan belgilangan eng yuqori ball berish va ushbu fanlar test sinovidan ozod qilish tartibini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralar zimmasiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilsin:

mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda oliy ta’lim muassasalarining ishtiroki hamda tashabbuskorligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish;

davlat va jamiyat hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlar hamda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning mazmuni va mohiyati oliy ta’lim muassasalari tomonidan televidenie va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali keng aholi e’tiboriga yetkazilishini ta’minlash;

hududlarni, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarni jadal rivojlantirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar va dasturlar loyihalarining keng muhokamasida oliy ta’lim muassasalarining faol ishtirokini ta’minlash;

innovatsion va texnologik g‘oyalarni har tomonlama rivojlantirish hamda qo‘llab-quvvatlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar va talabalarning innovatsion texnologiyalarni yaratish borasidagi tashabbuskorligini oshirish yuzasidan aniq choralar ko‘rish;

iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalar tashkilotlari rahbarlari, yetakchi mutaxassislari, faol tadbirkorlar bilan dolzarb masalalarda seminar va davra suhbatlarini doimiy ravishda o‘tkazib borish, ularning faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarning yechimiga qaratilgan ilmiy-amaliy izlanishlarni olib borish;

oliy ta’lim muassasalari rahbariyatining mamlakatni isloh qilish jarayonida faol ishtirok etish borasidagi mas’uliyatini oshirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar belgilash, har bir rektor va prorektor uchun ushbu yo‘nalishda alohida “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini ta’minlash, ularning ijrosini nazorat qilish.

10. Belgilab qo‘yilsinki:

oliy ta’lim muassasalarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori lavozimi o‘rniga yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori lavozimi joriy etiladi, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektorlarning faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Yoshlar siyosati masalalari xizmatiga yuklanadi;

O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralar rahbarlari – tegishli oliy ta’lim muassasalari rektorlari va prorektorlarining, innovatsion rivojlanish vaziri – barcha oliy ta’lim muassasalari ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlarining faoliyati natijalarini ularning “Yo‘l xaritalari”da belgilangan vazifalarning bajarilishi yuzasidan har oyda kamida bir marta tanqidiy muhokama qilib boradi;

O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralar rahbarlarining mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda tegishli oliy ta’lim muassasalarining faol ishtirokini ta’minlash yuzasidan hisobotlari har yili Vazirlar Mahkamasining majlislarida muhokama etiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi muhokama natijalariga ko‘ra oliy ta’lim muassasalari rektorlarining egallab turgan lavozimiga loyiqligi yoki noloyiqligi masalasini ko‘rib chiqadi;

oliy ta’lim muassasalari rektorlarining faoliyati samaradorligiga baho berishda o‘quv jarayoniga yuqori malakali xorijiy olimlar, o‘qituvchi va mutaxassislarning keng jalb qilinganligi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarining filiallarini ochishda ularning tashabbuskorligi inobatga olinadi.

11. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda oliy ta’lim muassasalari talabalarini ilmiy faoliyatga yo‘naltirishga va ularda innovatsion fikrlashni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, unda quyidagilar nazarda tutilsin:

yangi g‘oya va tashabbuslarni shakllantirish maqsadida har bir oliy ta’lim muassasasida “Yosh ekspertlar guruhi”ni tashkil etish;

o‘quv mashg‘ulotlarini talabalarni innovatsion fikrlashga yo‘naltiradigan o‘qitish texnologiyalari va interfaol uslublarni joriy etish asosida tashkil etish, asosiy e’tiborni talabalarning mustaqil ta’lim olishi bilan bog‘liq mexanizmlarni amalga oshirishga qaratish;

har bir oliy ta’lim muassasasida 1-kurs davomida saralab olingan eng iqtidorli talabalar uchun alohida guruhlar tashkil etish (mazkur guruhlardagi talabalar soni oliy ta’lim muassasasi tomonidan belgilanadi), 2-kursdan ularni o‘qitishni alohida o‘quv reja va dasturlar asosida amalga oshirish, ushbu toifadagi talabalarni magistraturaga maqsadli qabul qilish va bu orqali oliy ta’lim muassasalari kafedralari uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimini joriy etish.

12. Yosh olim va talabalarga hamda tashabbuskor fuqarolarga mamlakatda innovatsion g‘oya va texnologiyalarni rivojlantirishga qo‘shgan munosib hissasi uchun topshiriladigan “Innovatsion g‘oyalar yetakchisi” ko‘krak nishoni ta’sis etilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda “Innovatsion g‘oyalar yetakchisi” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida Hukumat qarori loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

13. Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralar O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning mazmuni va mohiyatini televidenie va boshqa ommaviy axborot vositalarida tushuntirish bo‘yicha chiqishlarni tashkil etish yuzasidan har bir oliy ta’lim muassasasining yillik reja-grafigini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Moliya vazirligining:

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tuzilmasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan qo‘shimcha 2 ta shtat birligini ajratgan holda Axborot xizmatini tashkil etish;

oliy ta’lim muassasalari tuzilmalarida ularning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan qo‘shimcha 1 tadan shtat birligini ajratgan holda matbuot kotibi lavozimini joriy etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:

a) oliy ta’lim muassasalarini zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik va ilmiy adabiyotlar, davriy jurnallar bilan ta’minlash, axborot-resurs markazlari fondlarini muntazam ravishda yangilab borishni;

ilg‘or xorijiy o‘quv hamda ilmiy adabiyotlar va jurnallarni xarid qilish ishlariga keng imkoniyatlar yaratish, eng yangi xorijiy adabiyotlarni tarjima qilish va o‘quv jarayoniga joriy etishni nazarda tutadigan Hukumat qarorini qabul qilsin;

b) Oliy ta’lim muassasalari talabalarining malaka amaliyotini o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.

17. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:

a) bir oy muddatda quyidagi chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin:

oliy ta’lim muassasalariga xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazalaridan foydalanishga sharoitlar yaratish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy natijalarini xalqaro miqyosda keng nashr etish, respublika yetakchi ilmiy jurnallarining bosqichma-bosqich yuqori impakt-faktorga ega bo‘lishini ta’minlash;

oliy ta’lim tizimida boshqaruv jarayonlarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida optimallashtirish, mavjud axborot tizimlarini integratsiyalash, tahliliy ma’lumotlar tayyorlashning samarali tizimlarini joriy etish;

b) abiturientlar hujjatlarini elektron shaklda qabul qilish tizimini bosqichma-bosqich yaratish bo‘yicha 2019 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda chora-tadbirlar ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

18. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S.Qosimov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B.Murodov hamda O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U.Madjidov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018 yil 5 iyun